Talabalar yurtimizdagi eng yosh gazeta faoliyati bilan tanishdi

    Ijtimoiy hayot 7 Aprel 2021 1128

    Bugun ijtimoiy tarmoq rivojlangan, axborot oqimi tezlashgan pallada matbuotlar biroz inqiroz yoqasiga kelib qoldi, degan gaplar kunda-kunora quloqqa chalinadi.

    Lekin shunday davrda Oʻzbekiston matbuotida yana bir nashr dunyo yuzini koʻrdi. Rivojlanayotgan, uchinchi renessans poydevori yaratilayotgan Yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020-yil boshida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tashkil etildi. Qariyb 80 ming nusxada chop etilayotgan ushbu gazeta hozirda oʻz mushtariylariga ega boʻlib, gazetxonlar qoʻlida qoʻlma-qoʻl boʻlmoqda.

    Oʻzbekiston Jurnalika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sirtqi boʻlim Bosma OAV jurnalistikasi yoʻnalishi 3-kurs talabalari Vazirlar Mahkamasining “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatida boʻlib ijodiy jarayonlar bilan tanishdilar.

    Tahririyat bosh muharriri Salim Doniyorov qizgʻin va maroqli suhbatda yosh jurnalistlarni koʻp kitob oʻqishi, doimo izlanishda boʻlishi va oʻz ustida tinimsiz ishlashi kerakligini taʼkidladi.

    Talabalar tahririyatda gazeta tayyorlanish jarayoni, maqolalar tahriri, viloyat muxbirlari bilan ishlash kabi tahririyatning tizimli ish tashkil etish jarayonlari bilan tanishdilar.

    Shohsulton Toʻxtamatov,

    OʻzJOKU talabasi.