Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi hamkorligida “Makroiqtisodiy siyosat yuritish va unda kadrlar salohiyati hal qiluvchi omil” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqida TDIU axborot xizmati xabar bermoqda.

Unda rektor Qo'ng'irotboy Sharipov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari Ilhom Norqulov, Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlash departamenti direktori Abdumalik Jalilov va G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Qalandar Abdurahmonov so'zga chiqib, ishtirokchilarni ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berish va ularning bandligini ta'minlash bo'yicha rejalari bilan tanishtirdilar.

Ta'kidlandiki, oliygohlar va xususiy sektor o'rtasida hamkorlikni tizimli yo'lga qo'yish, bitiruvchi talabalarni ish bilan band qilish, ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkalari, yoshlar bilan biznes uchrashuvlar tashkil etish yoshlarning bandligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.

— Bugungi kunda vazirligimiz oliygohlar bilan hamkorlik tizimini yaratib, talabalarning bandligini ta'minlash borasida tizimli faoliyatni yo'lga qo'ydi, — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari I. Norqulov. — Bunday imkoniyat ilgari talabalar uchun orzu bo'lgan. Hozir sizlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, grantlar va shartnomaviy kelishuvlar kelajakda o'z sohangizda samarali ilmiy ishlar olib borishingiz, davlatimiz rivojiga o'z farzandlik hissangizni qo'shishingiz uchun chin ma'noda katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi.

Bugun oldimizda tezroq va sifatli echimlarga olib kelishimiz lozim bo'lgan bir qancha dolzarb masalalar bor. Bu — makroiqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, kambag'allikni qisqartirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, raqamli va innovatsion yashil iqtisodiyotni joriy qilish, davlat investitsiya siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish kabi ulkan maqsadlarni o'zida ifoda etadi.

— Mamlakat iqtisodiyotining ertangi bosqichini siz yoshlar boshqarasiz. Shuning uchun sizdan qunt bilan adabiyotlarni o'qish, o'z kasbingizni mahoratli egasi bo'lish uchun fanlarni chuqur va tahliliy o'zlashtirish talab etiladi, — dedi akademik Q. Abdurahmonov. — Negaki, bugun sizga davlat rahbari katta ishonch bildirib, mamlamakat iqtisodiyotning sezilarlari qismini ta'lim, ta'limga va yana bir bor ta'limga ajratmoqda. Bu yuksak ishonch, avvalo, sizlarga katta mas'uliyat yuklaydi.

Seminar so'nggida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi mutasaddilari tomonidan tanlov asosida ishga qabul qilinish tartiblari haqida atroflicha ma'lumot berildi.