Talabalarga stipendiya toʻlashning kechikish sababi ochiqlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiya toʻlovlari oʻz vaqtida toʻlanmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

    Xabarda aytilishicha, barcha OTMlarda yuqori kurs talabalariga stipendiyalar toʻlab berilgan. Tarmoqda tarqalgan xabarlar ayrim oliygohlar, xususan, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand davlat tibbiyot universitetining 1-bosqich talabalari bilan bogʻliq.

    Vazirlik ularga stipendiya tayinlash boʻyicha tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish va bank plastik kartalarini ochish jarayoni kechikkani sababli toʻlovlar amalga oshirilmasdan qolganini bildirdi.

    “Hozirda mazkur buyruqlar toʻliq rasmiylashtirilmoqda va barcha oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiya toʻlovlari joriy hafta yakuniga qadar amalga oshiriladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.