Talabalarga tuhfa: kutubxona va muzey

    Samarqand davlat tibbiyot universiteti yangi oʻquv binosida barcha sharoitga ega, zamonaviy axborot-resurs markazi foydalanishga topshirildi. Talabalar nafaqat elektron adabiyotlardan foydalanish, balki oʻzlari uchun kerak boʻlgan barcha kitoblarni olish imkoniyatiga ega boʻldi. Markaz yangi texnika, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.

    Markazdagi kompyuter zalida 20 ta zamonaviy kompyuter oʻrnatilgan boʻlib, xalqaro ilmiy maʼlumotlar SCOPUS, Web of Science, Medline, GEOTAR media kabi jahon bazalariga ulangan.

    Bu yerda sensorli infokiosk ham oʻrnatilgan. U orqali universitet va ARM sayti, telegramdagi sahifasi va boshqa saytlarga kirish mumkin. QR kod orqali adabiyotlarning elektron variantini mobil telefonga yuklab olishi imkoniyati mavjud.

    Elektron kutubxona bazasiga 67 200 ga yaqin elektron material kiritilgan. Yangi oʻquv zali 80 oʻringa moʻljallangan. Markazda Wi-Fi hududi tashkil etilgan boʻlib, foydalanuvchilar login parolsiz noutbuk, planshet va telefon orqali internet tarmogʻiga kirishi mumkin.

    Oʻquv zalida yurtimiz va xorijda chop etiladigan 100 dan ziyod nomdagi ilmiy, tibbiyotga oid jurnallar qoʻyilgan.

    Shuningdek, oʻsha kuni qariyb 95 yillik tarixga ega boʻlgan Samarqand davlat tibbiyot universitetida zamonaviy muzey ish boshladi. Universitetning yaqinda foydalanishga topshirilgan yangi oʻquv binosida tahsil olayotgan yoshlarga universitetning uzoq yillar davomida bosib oʻtilgan shonli tarixi, yetuk tibbiyot kadrlari faoliyati va bugungi kunidan darak beruvchi zamonaviy muzey galereyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur muzey universitetning 1930-yildan 2022-yilga qadar boʻlgan xronologik davrlarni oʻz ichiga olgan. Mazkur tadbirlarda Samarqand shahar nuroniylari jamoatchiligi, Samarqand davlat tibbiyot universitetida faoliyat koʻrsatgan professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi, deyiladi universitet axborot xizmati xabarida.