Qarorda talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va bunga Davlat byudjetidan subsidiya ajratish boʻyicha bir qator yangiliklar belgilandi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning uy-joylarini talabalarga ijaraga berish faoliyati boʻyicha olgan daromadlarini soliqdan ozod etish yuzasidan Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Ijara shartnomalarini soddalashtirilgan raqamli imzosiz hisobga qoʻyishni taʼminlaydigan elektron tizim ishga tushiriladi.
Shuningdek, talabalar uchun turar joy qidirishga ixtisoslashgan elektron platforma ishlab chiqiladi, talabalar turar joyi va xususiy xonadonlardan ijaraga turar joy qidirishning ishonchli tizimi yoʻlga qoʻyiladi hamda doimiy ravishda yangilab boriladi.
Respublika boʻyicha 85 ta OTMga talabalar turar joyi qurish uchun qoʻshimcha yer ajratiladi, jami 228 ta talabalar turar joylari (jami 91 ming 200 oʻrinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022-yili 47 ta, 2023-yili 67 ta, 2024-yili 62 ta, 2025-yili 52 ta talabalar turar joylari quriladi.