Avval xabar berilganidek, Toshkent tibbiyot akademiyasi nevrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasida nevrologiya fani bo'yicha xalqaro olimpiada o'tkazilmoqda.

Bellashuvda yurtimizdagi tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan birga chet el OTMlari ham ishtirok etmoqda. Olimpiada tafsilotlari haqida Toshkent tibbiyot akademiyasi nevrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasi professori Marhamat YAqubova bizga quyidagilarni so'zlab berdi:

— 2017 yildan beri nevrologiya fani bo'yicha olimpiada o'tkazamiz. Bu yil oltinchi marta tashkil etildi. Savol tug'ilishi mumkin: bu yilgi bellashuv avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?

Ushbu olimpiada xalqaro maqomga ega. Boshqird davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan. Bundan tashqari, joriy yilda olimpiadada ishtirok etish uchun 125 nafardan ortiq nomzod ariza topshirgan bo'lib, bu avvalgi olimpiadalarga nisbatan rekord ko'rsatkichdir. Talabalarning o'quv muassasasi geografiyasi turlicha. Ular Rossiya va Markaziy Osiyo universitetlarida tahsil oladi.

Akademiyamizga kelsak, talabalarimizning nevrologiya faniga qiziqishi ortib borayotganini ko'ramiz. Ularning ko'pi faoliyatini nevropatologiya mutaxassisligi bilan bog'lashni xohlaydi. Buning uchun biz akademiyada barcha sharoitlar yaratilgan. 2010 yildan buyon kafedramiz qoshida “YOsh nevrologlar maktabi” faoliyat yuritmoqda.

O'tgan davrda mazkur to'garakka qatnagan ko'plab yigit-qizlar turli olimpiadalar, yosh olimlar anjumanlarida faol ishtirok etib, faxriy o'rinlarga sazovor bo'ldi. SHuningdek, ularning ko'pi magistratura, klinik ordinatura va doktoranturada o'qishni davom etib, doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Hozirgi olimpiadamiz uch bosqichdan iborat. 1-bosqichda test sinovi o'tkaziladi. 2-bosqichda vaziyatli topshiriqlar va amaliy ko'nikmalar topshirig'i beriladi. 3-bosqichda ishtirokchilar flesh savollarga javob topishi kerak. eng yuqori ball olgan talabalar 1–3-darajali diplomlar bilan taqdirlanadi, qolganlarga sertifikatlar taqdim etiladi. O'ylaymanki, bunday tadbirlar talabalarni bilimini sinab ko'rish, kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, o'z ustida ishlashga undaydi. Natijada jamiyat yuqori malakali nevropatolog shifokorlarga ega bo'ladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi axborot xizmati

rahbari Gulchehra MIRZAEVA yozib oldi.