Baʼzi sabablarga koʻra rivojlanishida muammolari bor bolalarning umumiy yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya olishlari, ijtimoiylashuvi va jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi doimiy davlat eʼtiboridagi masalalardir.

Hukumatimizning qator qonun hujjatlarida jamiyatimizning bir boʻlagi boʻlgan alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, sogʻlom bolalar qatoridan oʻrin olib oʻz qobiliyati, imkoniyatlarini koʻrsata olishga, maʼnaviy komil topishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Xususan, 2020-yil 23-sentyabr kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga ilk bora «inklyuziv taʼlim» tushunchasi kiritildi. Nogironlik endilikda tibbiy masala emas, balki birinchi navbatda inson huquqlari masalasi deya qonuniy eʼtirof etildi. Shuni taʼkidlash joizki, nogironligi boʻlgan bolalar uchun toʻsiqlardan xoli va inklyuziv muhitni yaratish orqali ularning toʻliq va sifatli taʼlim olishini taʼminlash – bola huquqlarini amalga oshirishning samarali yoʻllaridan biridir» deb taʼkidlandi.

Barchamizga maʼlumki, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish bilan bogʻliq masala jamoatchilik muhokamasi markazida boʻlib turibdi. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunga bogʻliq ravishda konstitutsiyaning 41-moddasiga “Taʼlim boʻyicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiya tashkil etiladi» taklifining kiritilishi bu boradagi ishlarning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Konstitutsiyamizga bunday qoʻshimchaning kiritilishi taʼlimda alohida ehtiyojlarga ega boʻlgan bolalarni oʻzlarining meʼyorida rivojlanayotgan tengdoshlari qatorida sifatli taʼlim olishlarini kafolatlaydi, ikkinchidan, Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlimni takomillashtirish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini joriy etilishini hamda ularga koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirilishni taʼminlaydi.

N.Rahmonqulova,

Nizomiy nomidagi TDPU prorektori,

Pedagogika fanlari doktori,

professor.