Ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish yangi yutuqlarga yo‘l ochadi

    Mamlakatimizda oliy ta’limga qamrov bir necha barobar oshdi, oliygohlar soni yildan yilga ortib, ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlarga imkon eshiklari yanada kattaroq ochilayotir.

    Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani ham ta’lim-tarbiya jarayoniga qaratilayotgan e’tibor namunasidir. Xususan, o‘tgan 2023/2024 o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasi bosh o‘quv binosi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Natijada jahon talablariga mos simulyatsion, biotibbiyot, ta’limni raqamlashtirish, axborot-resurs markazlari, ilmiy tekshirish laboratoriyasini o‘z ichiga olgan, jihozlar bilan boyitilgan, to‘liq raqamlashgan smart o‘quv binosi ishga tushirildi.

    Aholi salomatligini saqlash, sifatli xizmat ko‘rsatish, turli kasalliklarning oldini olish, avvalo, sohadagi kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu ma’noda sog‘liqni saqlash tizimiga tayyorlayotgan kadrlarimiz zamon talablariga javob berishi, bitiruvchilarimiz xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topishi, mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi lozim.

    Prezidentimizning joriy yil 22-yanvardagi “Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent tibbiyot akademiyasi ta’lim dasturlarini Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi standartlariga mos ravishda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan edi. Qaror dunyoqarashi keng, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlarni tarbiyalashdek ezgu maqsadni belgilab berdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi zimmasiga ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi ham yuklandi.

    Ilmiy-pedagogik jamoa bu vazifa mas’uliyatini chuqur his etgan holda barcha imkoniyatlarni ta’lim sifati va samaradorligiga yo‘naltirdi. Zero, bugungi kunda oliy ta’lim muassasasi nufuzi, ta’lim sifatini belgilovchi muhim omillardan biri uning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani bilan belgilanadi.

    Biz xalqaro akkreditatsiya jarayoniga tizimli, to‘laqonli va puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Natijada Toshkent tibbiyot akademiyasining 10 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi — davolash ishi, pediatriya ishi, stomatologiya ishi, farmatsiya, tibbiy-profilaktika ishi, oliy hamshiralik ishi, xalq tabobati, tibbiy-biologik ish, biotibbiyot muhandisligi, sog‘liqni saqlash menejmenti, magistraturaning 3 ta, klinik ordinaturaning 3 ta, malaka oshirishning 3 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

    Akkreditatsiya Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi standartlari asosida Mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tomonidan tashkil etildi. Bu mustaqil agentlik dunyoning 31 mamlakati oliy ta’lim muassasalarining yiliga kamida 200 dan ortiq ta’lim dasturini akkreditatsiyadan o‘tkazadigan nufuzli tashkilot sanaladi.

    Qoidaga muvofiq, ta’lim dasturlarida ichki audit o‘tkazilib, agentlikka hisobot taqdim etildi. Agentlikning 20 nafar tashqi eksperti ishtirokida tashkil etilgan mazkur jarayonda suhbat va savolnoma orqali talabalar, pedagoglar, rahbariyat, ish beruvchi va bitiruvchilarning fikri o‘rganildi. Bundan tashqari, akademiyaning moddiy-texnik bazasi holati, klinik amaliyot bazalari, kafedralardagi o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Ekspertlarning yakuniy xulosasida Toshkent tibbiyot akademiyasi ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga muvofiq deb topildi.

    Xalqaro akkreditatsiya Toshkent tibbiyot akademiyasiga nima beradi?

    Mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi xalqaro ekspertlari tomonidan oliygohimizning ta’lim jarayonini tashkil etishdagi ba’zi jihatlari e’tirof etildi. Unga ko‘ra, akademiya inklyuziv va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash va barcha uchun umrbod ta’lim imkoniyatlarini rag‘batlantiradi. Bu yerda ta’lim jarayoni ilmiy faoliyat bilan uyg‘unlashgan, ta’lim oluvchilar ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etishda moddiy-texnik baza va laboratoriya imkoniyatlari bilan yetarlicha qamrab olingan. Talabalarning ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Ular zamonaviy simulyatsiya markazida amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega. Sohaning yetuk mutaxassislari o‘quv jarayoniga jalb etilgan, 150 ga yaqin klinik bazada ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. Talabalar fan resurslari va axborot-resurs imkoniyatlari bilan to‘laqonli ta’minlangan.

    Toshkent tibbiyot akademiyasi ta’limga Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi standartlarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirgan muassasa sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Ushbu yutuq nafaqat akademiyamiz, balki sog‘liqni saqlash tizimining ham katta yutug‘idir. Bu esa mamlakatimizda sohani rivojlantirish bo‘yicha kechayotgan islohotlarga munosib javob deb o‘ylaymiz. Xalqaro akkreditatsiya jamoamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Jarayonga shaffof usullarni joriy etish, ingliz tilidagi ta’lim ulushini oshirish, o‘qitish sifati, talabalarning mustaqil ta’lim olishini rag‘batlantirish, bilimini baholash tizimini tubdan o‘zgartirish borasida qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bunga kuch va salohiyat yetarli, sharoit va imkoniyatlar bor.



    Shuhrat BOYMURODOV,

    tibbiyot fanlari doktori, professor


    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 114-sonida (2024-yil 11-iyun) chop etilgan.