Yaʼni ularda yoshlarning bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilyapti. Ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro standartlarga moslashishga oid istiqbolli loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Fargʻona davlat universitetida yakunlanayotgan yil davomida qilingan ishlar bunga yaqqol misol boʻladi.
Jumladan, joriy yil iyul-avgust oylarida Fargʻona viloyatidagi xorijiy va qoʻshma korxonalarda amaliyot oʻtash hamda kasbiy tayyorgarligini oshirish orqali talabalar bandligini taʼminlashga qaratilgan loyihaga qoʻl urilgan edi. Natijada barcha talabalar uch tomonlama shartnoma asosida belgilangan korxonalarda amaliyot oʻtadi. Ushbu tashabbus taʼlim, ishlab chiqarish va yoshlar siyosatini integratsiyalovchi samarali model sifatida shakllandi.
Shuningdek, har hafta tashkil etiladigan “Talaba xavfsizligi kuni”, “Karyera va biznes” marafoni, “Kelajakka qadam” tadbirlari, mentorlik tizimi, ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirmoqda.
Oliy oʻquv dargohimizni oʻtgan yili 7845 talaba tamomlab, bakalavr diplomini oldi. Ular bugun hayotdan mamnun. Ertangi kunga dadil qadam qoʻymoqda.
— Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishini muvaffaqiyatli tamomladim. Ustozlarimiz nafaqat oʻquv jarayonida, balki hayotda oʻz yoʻlimizni topishimiz, ishli boʻlishimizda ham chinakam yoʻl koʻrsatuvchi vazifasini bajardi, — deydi Husnidabonu Mahmudova. — “Ustoz-shogird” anʼanasi tufayli bilim olish bilan birga kasbiy koʻnikma, hayotiy tajriba orttirdik, eng asosiysi, kelajakka ishonch bilan qarashni oʻrgandik.
Hozir Fargʻona shahridagi “Platon School” xususiy maktabida jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlayapman. Shu bilan birga, bilimimni chuqurlashtirish, ilmiy izlanishlarimni davom ettirish maqsadida jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilindim. Bugun taʼlim tizimidagi islohotlar har bir yoshga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Talabalik davrimda bunday imkoniyatlardan samarali foydalandim. Ayniqsa, bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishiga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi hayotiy maktab boʻldi. Har bir muvaffaqiyatim ortida fidoyi ustozlarim, mehribon ota-onam, el-yurtimiz va davlatimiz ishonchi turibdi. Bu ishonchni oqlash uchun mehnat qilishda, oʻz ustimda tinimsiz ishlashda davom etaman.
Universitetimizda oʻtkazilgan “Islohotlar — mening taqdirimda” insholar koʻrik tanlovi ishtirokchisi — talaba Shahrizoda Komilovaning fikri ham koʻpchilikning eʼtiborini tortdi:
“… Yangi Oʻzbekistonda hayotim, orzu-intilishlarim, taʼlim olishim va kelajagim bilan chambarchas bogʻliq islohotlar roʻy bermoqda. Koʻhna tarix shundan dalolat beradi-ki, yangilik qilish, eskicha qolip va andozalarni oʻzgartirish hech qachon oson boʻlmagan.
Har qanday davrda ham yo ochiq, yo pinhona toʻsiqlar boʻladi. Ammo bugungi kunimizning eng katta yutugʻi shundaki, barcha islohotlar markaziga inson qadri qoʻyilgan. Shu sababli, oʻzimni chin maʼnoda qadrlangan, ertangi kuniga ishonch bilan qaraydigan yosh sifatida his qilaman.
Umrimning oltin davri paxta dalalarida emas, yorugʻ va shinam auditoriyalarda, tajribali ustozlar darslarida oʻtyapti. Biz endi bilim olish uchun oʻqiyapmiz, koʻnglimizni ilmu ijodga, orzu-maqsadlar roʻyobiga bagʻishlayapmiz.
Kuni kecha bir kursdoshim xalqaro grant sohibi boʻldi, yana biri chet tili boʻyicha xorijga amaliyot oʻtash uchun ketdi, boshqasi startap loyihasi uchun davlatdan moliyaviy koʻmak oldi. Bularga chin dildan havasim keldi va oʻzimni ham kelajakda yuksak marralarda tasavvur qildim.
Bugun ilmiy maqolalar yozish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish, xorijiy universitetlarda ikki diplomli dasturlarda oʻqish, turli stipendiya va grantlarni qoʻlga kiritish kabi imkoniyatlarimiz bor.
Bepul elektron kutubxonalar, onlayn maʼlumot bazalari, zamonaviy laboratoriyalar, axborot texnologiyalari va hatto startaplarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ham yangi Oʻzbekiston yoshlariga berilayotgan bebaho tuhfadir...”
Gʻoyaviy tahdidlar, axborot xurujlari kuchayib borayotgan bir paytda maʼnaviy uygʻonish tushunchasi yangicha maʼno kasb etmoqda.
Bugungi tinch va barqaror hayotimiz izchil islohotlar, xalq hamda davlat hamjihatligi mevasidir. Eʼtiborlisi, universitetimiz jamoasi islohotlarga mos koʻplab tashabbus va gʻoyalarni ilgari surib, xalqaro hamkorlik doirasidagi ishlarni tobora kengaytirmoqda. Xususan, joriy yilda innovatsion hamkorlik, oliy va kasbiy taʼlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston — Belarus ikkinchi taʼlim forumiga mezbonlik qildi. Forumda ikki davlat oliy va kasbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Bu kelgusida taʼlim sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishda mustahkam zamin vazifasini oʻtaydi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerikadan kelgan 300 dan ortiq nufuzli ishtirokchini birlashtirgan “Fargʻona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yoʻlida birdamlik” mavzusida tinchlik forumi boʻlib oʻtdi.
Universitetimizda soʻnggi yillarda xalqaro reytinglar bilan ishlash tizimli yoʻlga qoʻyilib, muhim natijalarga erishilayotgani ham diqqatga sazovor. Xususan, “Universitet Times Higher Education” (THE), “QS”, “RUR”, “UI GreenMetric”, “Webometrics” kabi nufuzli reyting platformalarida munosib oʻrinlarni egallab, jahon akademik maydonida nufuzini mustahkamlab bormoqda.
“THE Impact Rankings” doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha qator yoʻnalishlarda OTMlarning yetakchi 500 talik va 1000 talik roʻyxatlaridan joy oldi. “RUR” reytingida Oʻzbekiston oliygohlari orasida yetakchi oʻrinlardan birini egalladi.
“UI GreenMetric” reytingida esa barqaror rivojlanayotgan 500 universitet qatoriga kirib, qisqa muddatda yuzlab pogʻona yuqoriladi.
Oliygoh “QS Stars” baholash tizimida toʻrt yulduzga sazovor boʻlib, taʼlim sifati va ilmiy salohiyatining xalqaro eʼtirofini tasdiqladi. Ushbu yutuqlar Fargʻona davlat universitetida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik samarasini yaqqol namoyon etadi.
Nuriddin RAHMONOV,
Fargʻona davlat universiteti
axborot xizmati boʻlimi boshligʻi








