Hududlardagi epidemiologik vaziyat, taʼlim dargohi va sogʻliqni saqlash tizimining vaziyatga tayyorligidan kelib chiqqan holda 21-sentyabrdan boshlab, Respublika boʻyicha jami 4 379 ta (43,9%) maktab toʻlaqonli ravishda ishlayapti.
Mazkur maktablarda 2,1 million nafar (34%) oʻquvchi tahsil olayotgan boʻlib, ulardan 1,5 million nafari (72%) anʼanaviy, qolgan 595 ming nafari (28%) onlayn shaklda taʼlim olyapti.
Maktab faoliyati tiklanmagan oʻquvchilarning taʼlim olishi esa “Onlayn-maktab” loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali taʼminlangan.
Eslatib oʻtamiz, maktablarning anʼanaviy shaklda ochilishi toʻgʻrisidagi qarorlar har bir maktab boʻyicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, oʻqituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sogʻliqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan soʻng qabul qilinadi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.