Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov bu haqda quyidagicha maʼlumot berdi:

-Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun ularning oʻziga, ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

Taʼlim kreditlari, oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga qabul qilingan talabalarga — 10 yilgacha, magistratura bosqichi talabalariga — 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.

Hozirgi karantin davrida taʼlim krediti ajratish xizmatini masofaviy ravishda koʻrsatilishi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Taʼlim kreditini olish uchun qarz oluvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) taʼlim krediti berish toʻgʻrisidagi ariza;

b) talaba va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma. Ushbu shartnomada oʻqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

g) kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;

d) imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oila farzandlari tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Kredit qaytmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi taʼminlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim:

▫️mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlarni garovga qoʻyish;

▫️uchinchi shaxs kafilligi;

▫️sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi;

▫️fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kafilligi (bu hujjat faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar uchun soʻraladi).

Taʼlim kreditini olish tartibi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisidagi nizom”da va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan.