“Oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilariga byudjet mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-82-son, 27.05.2024-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan oliy va professional taʼlim tashkilotlarining talaba va oʻquvchilariga taʼlim kreditlari quyidagilarni nazarda tutgan holda ajratiladi:

  • oliy va professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olish uchun taʼlim krediti faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratiladi;

taʼlim krediti:

  • oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun toʻlov-kontrakt summasi miqdorida;
  • oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.

Bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno.

Bunda taʼlim krediti:

  • OTM talabalari uchun – talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud boʻlganda;
  • professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun – oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud boʻlganda ajratiladi.

2024/2025 oʻquv yili boshlangungacha taʼlim krediti olish uchun arizalarni “Taʼlim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.