Tadbirda uyushma raisi oʻrinbosari Botir Ergashev, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilshod Kenjayev, yozuvchi Maʼmura Zohidova hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, kitob mutolaasi va kitobxonlikka qaratilayotgan eʼtibor xususida taʼkidlab oʻtdi.
Tadbir davomida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi ijodkor oʻquvchilarining “Sheʼriyat guldastasi”, “Ijodim sehri” nomli badiiy chiqishlari namoyish etildi.
– Maktabimiz ijodga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi, – deydi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchi Azizbek Toshqurayev. – Shu boisdan ham biz kitob mutolaasiga alohida eʼtibor qaratamiz. Yozuvchilar uyushmasining bizga berayotgan kitoblaridan behad xursandmiz. Oldindagi mashgʻulotlarimizda esa yanada koʻproq badiiy asarlar oʻqishga kirishamiz.
Shuningdek, tadbirda yoshlar uchun Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan adabiy uchrashuv uyushtirildi. Suhbatda oʻquvchilar yozuvchining ijodga kirib kelishi, asarlarining yozilish jarayoni, adabiyot olami xususidagi savollariga javob olishdi. Fikrlar almashishdi. Tadbirda agentlikka uyushma tomonidan taqdim etilayotgan kitoblar jamlanmasining ramziy sertifikati topshirildi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist