“Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari talaba va oʻquvchilarining qishki taʼtilini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (560-son, 03.10.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, dekabr oyining oxirgi 10 kunligi va yanvar oyining birinchi 10 kunligi oraligʻida oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalari talaba (oʻquvchi)larining har yilgi 2 haftalik qishki taʼtili oʻtkaziladi.
Qishki taʼtil boshlanishidan 10 kun avvaldan chiptaning toʻliq qiymatidan 50 foizli chegirma asosida respublika ichidagi poyezdlarga (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yoʻlovchi poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) hamda mahalliy aviareyslarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma asosida sotish tavsiya etiladi.
2022-yildan qishki taʼtil davrida oʻquvchi va talabalarning yoʻnalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun muddatli imtiyozlar toʻplamini (chegirmali chiptalar, aksiyalar) taqdim etish mexanizmi joriy etiladi.