Ta'lim muassasalarida yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ishlari talab darajasida emas

    Ta'lim 29 Iyun 2020 7999

    Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bosh mutaxassisi R.Rustamov vazirlik va idoralarga qarashli professional ta'lim muassasalarida yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ishlari talab darajasida emasligini qayd etdi.

    Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan onlayn videomuloqot tashkil etildi.

    Tadbirda Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, energetika vazirliklari va ularning hududlardagi tarmoqlari rahbarlari, shuningdek, vazirlik tizimidagi kollejlar rahbariyati ishtirok etdi.

    Onlayn tadbirda ta'lim muassasalarini yangi o'quv yiliga tayyorlashdagi moliyaviy masalalar, mavjud moddiy-texnik baza va uning bugungi kundagi holati, energetika yo'nalishlaridagi ehtiyojga asosan kadrlar tayyorlashda qabul rejalarini shakllantirish, kasblar bo'yicha o'quv-me'yoriy hujjatlar bilan ta'minlash, pedagog kadrlarni ishga qabul qilish, o'quvchilarni to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilish kabi yangi o'quv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

    Kun tartibiga qo'yilgan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari atroflicha ma'lumot taqdim qildi.

    Tadbirda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bosh mutaxassisi R.Rustamov vazirlik va idoralarga qarashli professional ta'lim muassasalarida yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ishlari talab darajasida emasligini qayd etdi.

    Xususan, vazirlik va idoralarning mas'ul vakillari mamlakatimizda ilk bor joriy qilinayotgan Milliy malakalar ramkasi, professional standartlar, yangi shakl va mazmundagi o'quv me'yoriy hujjatlar to'g'risida etarlicha ko'nikmaga ega emasliklari, professional ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish orqali ularning kasbiy bilim va malakalarini yanada oshirish bo'yicha takliflar berildi.

    Tadbir so'ngida energetika vazirligi vakillari shu kabi muloqotlar mavjud muammolarning birgalikda muhokama qilinishi, sifatli ta'lim berishda vazirlik va idoralarning roli, ta'limda ijtimoiy hamkorlikning samarali mexanizmlarini joriy etishda katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

    eslatib o'tamiz, 2020 yil 15 may kuni Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va ko'nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. SHundan so'ng mamlakatimizda Milliy malakalar ramkasi hamda Kasbiy malakalar, bilim va ko'nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi to'g'risidagi nizom tasdiqlangandi.