Ta'lim sifati — hamkorlik mavzusi

    O'tgan ikki yil davomida mas'ul vazirlik va oliy ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikda oliy ta'limni boshqaruv axborot tizimi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

    Oliy ta'limni modernizatsiya qilish loyihasi bo'yicha Jahon bankining navbatdagi missiyasi yakunlariga bag'ishlangan onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi axborot xizmati.

    Yig'ilishda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev, oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri o'rinbosari Rahimjon Hakimov hamda Jahon bankining global ta'lim amaliyoti bo'yicha katta mutaxassisi, loyiha rahbari Diego Ambaj, ta'lim sifati bo'yicha konsul`tant Xavier Botero va oliy ta'limni boshqaruv tizimi bo'yicha mutaxassis Husayn Abdulhamid ishtirok etishdi.

    Uchrashuv davomida O'zbekistonda ta'lim sifatini ta'minlash tizimini takomillashtirish, OTMlarga boshqaruv axborot tizimini joriy etish hamda ularga akademik mustaqillik berish bilan bog'liq qator masalalar muhokama qilindi.

    Muhokamalar davomida inspektsiya boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev mazkur jarayonda xalqaro ekspertlarning amaliy ko'magini alohida e'tirof etar ekan, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida shunday dedi:

    — Prezidentimiz tashabbuslari bilan O'zbekistonda oliy ta'lim tizimini tubdan isloh qilishga katta e'tibor qaratib kelinmoqda. Mazkur jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, dastlabki bosqich qamrovni oshirish, OTMning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o'qituvchilarni moddiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

    Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada faqat raqamlar bilan cheklanmasdan, oliygohlarda sifat ko'rsatkichlarini muntazam oshirib borish ham ustuvor yo'nalishlardan biri etib belgilangan.

    Jahon banki moliyaviy va texnik ko'magi asosida amalga oshirilayotgan oliy ta'limni modernizatsiya qilish loyihasi esa belgilangan ushbu vazifalarni amalga oshirishda alohida o'rin tutadi.

    O'tgan ikki yil davomida mas'ul vazirlik va oliy ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikda oliy ta'limni boshqaruv axborot tizimi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. SHuningdek, ta'lim sifatini ichki va tashqi ta'minlash tizimlari ilg'or xorijiy tajriba va milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda.

    SHu bilan birga ta'lim muassasalariga akademik mustaqillik berish, ularning ta'lim sifatiga bo'lgan javobgarlik hissini rag'batlantirish bo'yicha katta qadamlar tashlanmoqda. Akademik mustaqillik berish ta'lim sifatini ta'minlash tizimini ham taqozo qiladi. Ushbu jarayonlarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish uchun ta'lim sifatini tashqi ta'minlash standartlari ishlab chiqildi.

    Bu esa o'z navbatida oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini ichki ta'minlash tizimi mukammal ishlashini talab etadi. Bu bir tomondan ularga katta erkinlik bersa, ikkinchi tomondan ta'lim sifatini ta'minlash bo'yicha katta mas'uliyat belgilamoqda, – dedi, Ta'lim inspektsiyasi boshlig'i.

    O'z navbatida Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha rahbari Diego Ambaj O'zbekistonning oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish borasida erishgan natijalarini alohida e'tirof etar ekan, hamkorlikning istiqboldagi yo'nalishlariga ham to'xtalib o'tdi.

    – O'zbekiston oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida juda ko'p yaxshi natijalarni qayd etdi. endi yangi loyihalarga investitsiya kiritishdan oldin hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olishimiz kerak. Agar barcha tomonlar uchun ma'qul bo'lsa, oktyabr` oylariga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi va hamkor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oliy ta'lim masalalariga bag'ishlangan forum tashkil etishimiz, istiqboldagi rejalarni belgilab olishimizda muhim qadam bo'lib xizmat qilishi mumkin.

    SHu bilan birgalikda, mazkur jarayonlarni yanada jadallashtirish uchun oliy ta'lim sohasida mintaqaviy hamkorlik aloqalarini ham rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hamkorlik aloqalari faqat bir mamlakatning o'zida emas, mintaqadagi ta'lim sifati ko'rsatkichlarining o'sishiga hamda oliy ta'lim bo'yicha hamkorlikni kengaytirish, professor-o'qituvchilar va talabalar o'rtasidagi mobillikni oshirish, ta'lim sifatini ta'minlash bo'yicha jarayonlarni o'zaro muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. CHunki qo'shni davlatlar ta'lim tizimida ham O'zbekistondagi kabi muammolar mavjud. Ushbu muammolarni esa faqat kuchlarni birlashtirgan holda, hal qilishimiz mumkin.

    Umid qilamizki, mazkur loyiha yakunlanganida ya'ni 2022 yil so'ngiga kelib, O'zbekistonda ta'lim sifatni ta'minlashga qaratilgan yangi akkreditatsiya tizimiga yo'lga qo'yilishiga erishamiz, – dedi Jahon banki vakili.

    Uchrashuv yakunida, ko'tarilgan masalalar bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.