Qayd etilishicha, Nukus shahridagi umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi mazkur maktab direktori oʻrinbosarining topshirigʻiga asosan, kasbiy sertifikat olish boʻyicha sinovlaridan oʻtkazib berish evaziga Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbidan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, direktor oʻrinbosari 100 nafardan ortiq oʻqituvchilarni davlat attestatsiyasidan oʻtkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 AQSH dollari miqdorida pul olib, bu haqida oʻzining shaxsiy bloknotlari va qogʻozlarda aks ettirib kelganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Pedagoglarni bilim va malakasini baholashni tashkil etish shoʻbasi bosh metodisti ham aloqadorligi aniqlanib, u oʻqituvchilardan davlat attestatsiyasidan oʻtkazishga yordam berish evaziga yigʻilgan 10450 AQSH dollarini ixtiyoriy ravishda topshirdi.
Shu bilan birga, oʻqituvchilarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazmasdan, test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishlariga sharoit yaratib bergan Milliy gvardiya xodimining ham oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashganligi maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, ular pora tariqasida olingan pullarni oʻzaro taqsimlashgan.