Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 51-sonli fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida Fransiyaning “Amopa” assotsiatsiyasi tomonidan Oʻzbekistondagi fransuz tilida oʻqitiladigan 787 ta ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 998 nomdagi 1 470 dona badiiy adabiyotlar va darsliklar begʻaraz ajratildi.

Taqdimotda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Oʻzbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sardor Rustamboyevlar hamda “Amopa” assotsiatsiyasi vakillari ZOOM orqali ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 51-sonli fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 11-sinf oʻquvchisi Sadiya Saidkarimova hamda oʻqituvchilar mazkur kitoblar oʻquvchilarning chet tilini oʻrganishda bilimini yana-da oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov taqdimot jarayonida Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga hamda “Amopa” assotsiatsiyasiga minnatdorlik bildirdi.