Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida taʼlim sohasi jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida shakllanib bormoqda. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida inson kapitali, intellektual salohiyat va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari davlat siyosati darajasida belgilab olingan. Bu jarayonda oliy taʼlim muassasalari nafaqat bilim beruvchi tizim, balki jamiyatni modernizatsiya qiluvchi strategik institut sifatida namoyon boʻlmoqda.
Shu maʼnoda, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti 2025-yil davomida oʻz faoliyatini tubdan tahlil qilgan holda, sifatli rivojlanishga yoʻnaltirilgan izchil chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Institutda taʼlim mazmuni, boshqaruv tizimi va ilmiy salohiyat oʻzaro bogʻliq holda takomillashtirilib, barqaror natijalarga erishildi.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlarga muvofiq, taʼlim tizimida inson kapitaliga sarmoya kiritish asosiy vazifa sifatida qaralmoqda. Ana shu yondashuv doirasida institutda taʼlim sifatini oshirish, fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
2025-yilda institutda 3569 nafar talaba tahsil oldi, 97 nafar professor-oʻqituvchi pedagogik faoliyat olib bordi. Taʼlim yoʻnalishlari 16 taga yetkazilib, 7 ta kafedra faoliyati mazmunan yangilandi. Ilmiy salohiyat 43 foizga yetkazilib, 5 nafar fan doktori va 16 nafar falsafa doktori ilmiy darajalarni muvaffaqiyatli himoya qildi.
Taʼlim jarayoni xalqaro kredit-modul tizimi asosida takomillashtirildi. 17 ta darslik va 16 ta oʻquv qoʻllanma tayyorlanib, amaliyotga joriy etildi. 86 ta oʻquv xonalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.
Institutda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilda 323 ta ilmiy maqola va tezislar chop etildi, ularning salmoqli qismi xalqaro ilmiy bazalarda eʼtirof etildi. Ilmiy salohiyatni oshirish, yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda fan va taʼlim integratsiyasini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Talabalar bilan ishlashda taʼlim bilan bir qatorda ijtimoiy-maʼnaviy rivojlanishga alohida eʼtibor qaratildi. Yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish maqsadida turli loyihalar va tadbirlar tashkil etildi.
“Jadidlar jasorati – millatimiz faxri”, “Maʼrifat maydoni”, “Intellektual haftalik”, “Besh tashabbus olimpiadasi” kabi tashabbuslar talabalarning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim oʻrin tutdi.
Institut faoliyatida bitiruvchilarning ishga joylashishi ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraladi. 2024–2025 oʻquv yili yakunlariga koʻra, magistratura bosqichini tamomlagan 60 nafar bitiruvchining barchasi mehnat faoliyatiga yoʻnaltirildi. Ular taʼlim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, ilmiy va ijtimoiy sohalarda faoliyat boshladilar.
Bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha esa 2025–2026 oʻquv yilida ilk bitiruvchilarni tayyorlash rejalashtirilgan. Ayni paytda ularni mehnat bozoriga tayyorlash, kasbiy yoʻnaltirish va amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda ish beruvchilar bilan hamkorlik, amaliy mashgʻulotlar, dual taʼlim elementlari hamda kasbiy maslahatlar muhim oʻrin tutmoqda.
Mazkur yondashuv taʼlim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga mosligini taʼminlash, yosh mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning barqaror ish bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Institut xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Udmurt davlat universiteti bilan “3+2” qoʻshma taʼlim dasturi, AQSH, Koreya, Yaponiya va Qirgʻiziston taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Xitoy fuqarosi tashabbusi bilan Konfutsiy markazini tashkil etish ishlari amalga oshirildi.
Kelgusi bosqichda institutda taʼlim sifatini yanada oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va innovatsion rivojlanishni taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Jumladan, IT, biznes menejment, MBA, robototexnika yoʻnalishlarini joriy etish, TESOL dasturlarini kengaytirish, shuningdek, 10.00.11 – “Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi” ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorantura ochish rejalashtirilgan.
2025-yil Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti uchun tizimli rivojlanish, mazmunli islohotlar va strategik barqarorlik yili boʻldi. Erishilgan natijalar va belgilangan maqsadlar institutni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida faol ishtirok etuvchi, zamonaviy va raqobatbardosh taʼlim muassasasi sifatida yanada mustahkamlaydi.
Rivojiddin Karimov,
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi
Namangan davlat chet tillari instituti rektori