Shaxs tarbiyasining poydevori boʻlgan bu boʻgʻinlarga davlatimiz tomonidan doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Hududlarda yangi-yangi taʼlim maskanlari barpo etilib, mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda. Darslik va oʻquv qoʻllanmalari zamon talablariga moslab yangilanayapti.
Maktabgacha taʼlim tizimi ilgʻor xorijiy tajribalar asosida yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qoʻydi. Soʻnggi yillarda bolalar bogʻchalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi.
Mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil 608 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb oʻrgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv taʼlim yoʻlga qoʻyildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi.
Qayd etilganidek, kelgusi oʻquv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming oʻquvchi oʻrni ochiladi. Davlat taʼlim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.
Ikkinchi xorijiy til oʻqitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar oʻrgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi.
Dunyodagi ilgʻor tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda. Jumladan, bu yil 1 ming 500 ta umumtaʼlim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.
Oʻqituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga oʻtilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar ragʻbatlantiriladi, ularga toʻplagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.
Davlatimiz rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sogʻlom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida oʻquv jarayonlari oʻzgartiriladi. Bunda har bir oʻqituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan oʻta olmaganlar alohida dastur asosida qoʻshimcha oʻqitiladi. Viloyatlardagi 5 ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion oʻquv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.
Taʼlim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, qoʻshimcha manbalar hisobidan, maktab va bogʻchalar direktorlari hamda ularning oʻrinbosarlarini moddiy ragʻbatlantirish taklifi bildirildi.
Taʼlim bilan tarbiya uzviy olib boriladi.
Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 15-noyabrdagi qaroriga muvofiq, oʻquvchilarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimiga eʼtibor kuchaydi.
Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga koʻpaytirildi. Ushbu yoʻnalish oʻqituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi.
Kelgusi oʻquv yiligacha bu fan boʻyicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori oʻqituvchilar ishga jalb etiladi. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta taʼlim maskanida “Jasorat maktablari” tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar ham qamrab olinadi.
Joriy yil 30-sentyabr kuni sohaga doir yana bir muhim hujjat – maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha Prezident farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, 2025-yildan boshlab, maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.
Keyingi yil 162 ta maktabgacha taʼlim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bogʻcha ochiladi. Bular orqali maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlangʻich sinf oʻquv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.
Prezidentimiz sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy taʼlim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.