AQShning nufuzli Pittsburg universiteti o‘quv ishlari va xalqaro dasturlar bo‘yicha prorektor o‘rinbosari, epidemiolog Margaret MakDonald xalqaro delegatsiya tarkibida Toshkent tibbiyot akademiyasida bo‘lib turibdi.
Mutaxassis yurtimizning bo‘lajak tibbiyot xodimlarining ilmiy va amaliy faoliyati bilan tanishib, o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tdi.
Xususan, Pittsburg universiteti vakili yurtimiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridagi hamshiralik kurslarini yurtimizdagi o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash kurslari bilan taqqosladi.
— Akademiya o‘qituvchilari bilan uchrashuv jarayonida oliy hamshiralik kurslari haqida qiziqarli ma’ruzalarini maroq bilan tingladim, — deydi Margaret MakDonald. — Sizlarda yaxshi mutaxassislar tayyorlashga astoydil kirishilganini sezilib turibdi. Men bunga hamshiralikka o‘qitish yo‘nalishidagi muzokaralarimizdan so‘ng amin bo‘ldim.
Bizda ham hamshiralik kurslari mavjud. Farqli jihati — bizda kurslar 4 yillik. Yana bir farqli tomoni shundaki, hamshiralarni oliy toifadagi amaliyot ko‘rgan hamshiralar o‘qitadi.
Sizlarda esa 3 yillik xamshiralik kursi tinglovchilariga shifokor-pedogoglar dars berar ekan. Biz TTA professor o‘qituvchilari bilan bu masalada ham tajribalar almashishga kelishib oldik.
Taklifim, hamshiralarni pedagoglar bilan bir qatorda malakali va amaliyotda tajriba orttirgan oliy toifali hamshiralar tayyorlasin. O‘z amaliyotidagi tajribalarini o‘rgatsin. Bu jarayonda ko‘proq amaliyot muhim, — deydi amerikalik mutaxassis, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.









