Taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatiladi – Prezident farmoni

    Kunduzgi taʼlimdan boshqa muqobil taʼlim shakllari boʻyicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 5 mayda “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

    Farmoniga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatildi. Ya’ni joriy yilda sirtqiga hech kim olinmaydi. Qabul jarayonlarida sirtqiga kvota berilmaydi.

    Mazkur talab davlat oliygohlari uchun ham, nodavlat oliygohlar uchun ham birdek amal qiladi.

    Bunda sirtqi ta’limga qabul barcha yo‘nalishlarda tugatiladi. Hozir o‘qiyotgan yuqori bosqich talabalari o‘qishini sirtqida davom ettiraveradi. Sirtqiga boshqa yangi talaba olinmaydi, lekin sirtqilarning o‘zi yopilgani yo‘q.

    Sirtqining o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bu ko‘proq masofaviy ta’lim shakli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishga ruxsat beriladi.

    Oliygohlarda muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

    Magistratura bosqichida muqobil ta’lim shaklida o‘qitishga ruxsat beriladi. Bungacha faqat kunduzgiga ruxsat edi. Endilikda, masalan, magistraturada masofaviy ham o‘qitsa bo‘ladi.