Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan tadbirda soʻz yuritildi. Ushbu qonun loyihasida tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisalarini tegishli organlarsiz rasmiylashtirish nazarda tutilgan.

Davlat yoʻl harakati xavfsizligi tomonidan 2018-yilda 13701 ta va 2019-yilda esa 24005 ta tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi rasmiylashtirilgan. Ammo sud tomonidan ularning har biri uchun kamida bir oy vaqt sarflanyapti va bu oʻz navbatida odamlarning ortiqcha sarson boʻlishi, qoʻshimcha xarajat qilishiga sabab boʻlyapti. Shu bois, ushbu loyiha tayyorlangan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholi uchun bir qator qulayliklar yaratadi, ortiqcha qogʻozbozlik, ovoragarchilikka chek qoʻyadi.