Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijga yoʻl olgan fuqaro B.A.ning yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Natijada, yuklar orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida aytilmagan 8 dona Rossiya imperiyasida zarb etilgan qadimiy tangalar borligi aniqlanadi. Mazkur tangalarni olib chiqish uchun fuqaroda tegishli idoralar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar boʻlmagan, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish mumkin emas.