Taniqli aktrisa nomidan feyk akkaunt ochib, odamlarning pullarini yechib olgan 10-sinf oʻquvchisi aniqlandi

    Tashvishli xabar 18 Iyun 2021 884

    Nukus shahrida yashovchi fuqaro D.K. joriy yilning 15-mart kuni Nukus shahar ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilib, qizi N.R.ning “Instagram” ijtimoiy tarmogʻidagi profiliga “giveaway-asal” va “asalshodieva_dar1t” nomi bilan ochilgan nomaʼlum profil egasi tomonidan “Siz 200 000 soʻm pul mukofotini yutib oldingiz” degan mazmundagi yozma xabarnoma kelganligini maʼlum qilgan.

    Profil ortidagi nomaʼlum shaxs bilan yozishmada uning aldovlariga ishonib oʻziga tegishli Uzcard bank kartasining kodi va parolini yozib berganligi, soʻng shu kuni bank kartasida mavjud boʻlgan jami 600.000 soʻm miqdordagi puli yoʻqolganligini maʼlum qilgan.

    Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, olib borilgan tezkor-texnik tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan Samarqand viloyati, Samarqand shahrida yashovchi 2003-y.t. fuqaro A.A. aniqlandi.

    Hozirda ushbu fuqaroning boshqa turdosh jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

    Ichki ishlar vazirligi yana bir bor ogohlantiradi, bank kartalaringizning kodi va parolini hech qanday sharoitda, hech kimga maʼlum qilmang, sodda boʻlmang, firibgarlarning nayranglariga tushib qolmang.

    IIV Kiberxavfsizlik markazi