Taniqli bolalar shoiri 95 yoshida vafot etdi

    Taniqli bolalar shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oʻta Berdiyor 95 yoshda vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

    Oʻta Berdiyor 1930-yil 12-avgust kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Gʻallachi qishlogʻida tugʻilgan. 1949-yili Buxoro davlat pedagogika institutining tarix fakultetini tamomlagan.

    Shoir oʻzining uzoq yillik umri va mehnat faoliyatini maktabga, bolalar tarbiyasiga baxshida etgan. 1949-yildan 1994-yilgacha Chiroqchi tumanidagi 27-maktabda tarix fanidan dars bergan.

    Uning taʼlim-tarbiya sohasidagi mehnatlari “Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.

    Shoirning “Qachon odam boʻlaman?”,“ Ikki mehr birlashsa”, “Bahor sanʼati”,“ Choʻpon bola orzusi”, “Jilgʻaning yoʻli”,“ Ertaklar”, “Koʻngil va muhabbat qarimaydi”,“ Qirq oyoqqa qirq paypoq”, “Ota nasihati” nomli bolalarga bagʻishlangan sheʼrlar va ertaklar toʻplamlari nashr etilgan.

    Oʻta Berdiyor bolalarga bagʻishlab yozilgan “Tasalli” va “Oriyat” nomli kitoblari uchun 2024-yil Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik” tanlovi gʻolibi boʻlgan.