Taniqli professor, tarjimon Muhammadjon Xolbekov vafot etdi

    Voqea-hodisalar 28 Oktabr 2020 1024

    Taniqli pedagog va mohir tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Xolbekov vafot etdi.

    Muhammadjon Xolbekov 1950-yilda Samarqandda tugʻilgan. Samarqand davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetini tamomlagan.

    Samarqand davlat pedagogika institutida, Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri, fakultet dekani, filologiya yoʻnalishi boʻyicha himoya kengashi aʼzosi boʻlib ishlagan. 1982-yilda nomzodlik, 1989-yilda doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan.

    1999-2005-yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti fransuz filologiyasi fakulteti dekani va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan.

    2006-yildan Jizzax davlat pedagogika institutida, Oʻzbekiston jahon tillari universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida yosh tadqiqotchilarga rahbarlik qilgan.

    Muhammadjon Xolbekovning fransuz adabiyotidan qilgan oʻnlab tarjimalari nashr etilgan.

    Uning “Oʻzbek adabiyoti Fransiyada”, “Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Uilyam Shekspir”, “XX asr modern adabiyoti manzaralari” kabi risolalari nashr etilgan.