Taniqli shoir erkin Samandar vafot etdi

    Tashvishli xabar 14 Aprel 2024 581

    Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, nosir va dramaturg Erkin Samandar vafot etdi.

    Erkin Samandar 1935-yilning 22-martida Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1957-yili viloyat Pedogogika institutini, 1967-yili O‘zFA Til va adabiyot institutining aspiranturasini tamomlagan. O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasining bosh muharriri, adabiy-dramatik eshittirishlar dasturining bosh muharriri, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

    Birinchi sheʼriy to‘plami “Amu jilolalari” (1966) nomi bilan chop qilingan. Shuningdek, uning “Dunyoning yoshligi” (1968), “Osmon to‘la nur” (1970), “Vafo degan gavhar” (1973), “Mening yigitlik vaqtim” (saylanma, 1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Яблоня во дворе” (Moskva, 1982), “Bahor oqshomlari” (1984), “Шедрост рассвета” (1985), “Sevgi fasllari” (1987), “Bu bog‘ni qaysi bog‘ derlar” (1988), “Sevgi kitobi” (1996), “Va yana bahor” (2010, Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Ko‘ngil yoshligi” (2010) kabi sheʼriy to‘plamlari nashr etilgan. “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Qo‘shiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlari, 100 dan ortiq qo‘shiqlar muallifidir.

    Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan “Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq” (roman, 1989), “Tangri qudug‘i” (roman, birinchi kitob 1989), “Quduq tubidan sadolar” (roman, ikkinchi kitob, 1989), “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy” (2000), “Sulton Jaloliddin” (roman, 2007), “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” (roman, 2009), “G‘ayb qushlari” (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifi hamdir.

    Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama, 1984), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama, 1986), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”, pyesa, 1988), “Bashorat” (musiqali drama, 1988), “Arabmuhammad” (tarixiy drama, 1992), “Dilda borim” (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozdi. “Avaz O‘tar”, “Madraim Sheroziy”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qo‘lini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli” kabi hujjatli-publitsistik filmlar yaratdi, ko‘plab esselar yozdi.

    Xorazm viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Dilda borim” (2012) va “Jaloliddin Manguberdi” (2019) spektakllari sahnalashtirilgan.

    Erkin Samandar milliy adabiyotimiz va jurnalistikamizni rivojlantirishdagi samarali hissasi uchun Vatanimizning oliy mukofotlari – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (1990) faxriy unvoni va “Do‘stlik” (2015) ordeniga sazovor bo‘lgan.

    O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati