Taniqli ulamo, jamoat arbobi Nasriddin Atoyev

    Tashvishli xabar 16 Aprel 2022 1910

    Mamlakatimiz diniy sohasi og‘ir judolikka uchradi.

    Yurtimizda ko‘p yillar davomida islomiy ilm-ma’rifat taratib kelayotgan xalqimizning e’tiborli ulamolaridan Atoyev Nasriddinxon Mubinjon o‘g‘li 2022 yil 15 aprelda, muqaddas Ramazon oyining muborak juma kunida 64 yoshida vafot etdi.

    Xalqimizda eshonbobo nomi bilan mashhur bo‘lgan Nasriddinxon 1958 yil 15 may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ildi. Bolaligidan boshlab imon-e’tiqodli oilada tarbiya topib, diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan N.Atoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘z hayotini diniy qadriyatlarimizni tiklash va targ‘ib etishga bag‘ishlab, bu sohada alohida jonbozlik ko‘rsatdi.

    Oliy diniy bilim olish maqsadida Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdi va 1996 yili muvaffaqiyatli tamomladi.

    Nasriddinxon eshonboboning umri ham ilm va hikmatda o‘tdi. Ilm va ezgulikka baxshida bo‘lgan hayot asrlarga tatiydi. Chunki bu inson odamlarga yaxshilik ulashish, muqaddas ziyoratgohlarni obod etish, Navoiy xalqining ma’rifati yo‘lida fidokorona mehnat qildi. Zero, Payg‘ambar alayhissalom ham “Sizlarning yaxshilaringiz, umri uzoq bo‘lib, amallari yaxshi bo‘lganingizdir”, deb aytganlar.

    N.Atoyev muqaddas dinimiz asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1992-2003 yillarda Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” masjidida imom-xatib, 2003-2010 yillarda viloyat bosh imom-xatibi,
    2010 yildan buyon viloyat faxriy imomi, shuningdek, Navoiy viloyati “Chashma” tabiiy-me’moriy majmuasiga mehr qo‘yib, 2018 yildan Navoiy viloyati direksiyasi direktori vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

    Nasriddinxon eshonbobo hayoti davomida 60 nafardan ortiq shogirdlar yetishtirgan bo‘lib, ularni haqiqiy vatanparvar sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga alohida e’tibor qaratib keldi.

    Diniy bilim va tafakkurining kengligi, ona yurtimizga, istiqlol g‘oyalariga sadoqati, jamoat ishlari, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot sohasidagi fidoyiligi bilan ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘lgan Nasriddinxon eshonbobo so‘nggi yillarda diniy va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, ziyoratgohlarimizni obod qilishga katta e’tibor qaratish bilan birga, hududdagi aholi o‘rtasida diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda alohida faollik ko‘rsatdi.

    Darhaqiqat, buyuk allomalarimizning diniy e’tiqod borasidagi ezgu an’analariga sadoqat bilan butun hayotini muqaddas dinimiz sofligini saqlash va rivojiga bag‘ishlagan N.Atoyev mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan edi.

    Nasriddin Atoyevning taqvodorligi, go‘zal xulqi, shogirdlari va safdoshlariga nisbatan samimiy muomalasi, xolis nasihati barchaning qalbida chuqur iz qoldirdi.

    Taniqli ulamo, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin inson qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

    Ushbu musibat damlarida marhumning ahli oilasi, yaqinlariga sabr tilaymiz va chin dildan hamdardlik bildiramiz.

    Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!

    «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».

    O‘zbekiston musulmonlari idorasi

    Ulamolar kengashi hamda

    Din ishlari bo‘yicha qo‘mita jamoasi