Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat Oʻzbekiston jamoasi Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” musobaqasida oʻtgan yili ilk bor ishtirok etdi. Musobaqa shartiga koʻra, vakillarimiz yangi jamoa boʻlganligi uchun ikkinchi divizionda harakat olib bordi.

Oʻsha unutilmas lahzalarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, olam-olam taassurot olgan, vatandoshlarimiz muvaffaqiyatlari haqida yurtimiz ommaviy axborot vositalariga peshma-pesh axborot uzatib turgan harbiy jurnalist sifatida shuni aytamanki, yigitlarimiz “ArMI – 2019” ning chinakam kashfiyoti boʻldi. Buni bahslarni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borgan dunyoning 40 ga yaqin davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar va hakamlar ham bot-bot takrorlashdi.

Ha, oʻsha musobaqada Oʻzbekiston ilk bor ishtirok etayotganiga qaramay, oʻz divizionida faxrli 1-oʻrinni sharaf bilan qoʻlga kiritdi. Buning zamirida qanchadan-qancha mehnat, zahmat yotganini faqat gʻoliblik hissini yuragidan oʻtkazib, Vatan bayrogʻini koʻklarga koʻtargan, yorugʻ yuzini sevinch koʻz yoshlari yuvgan, zavqi kelib, “Omon yor” u “Andijon polka” siga raqs tushib yuborgan oʻsha qorakoʻz yigitlarimiz biladi. Gʻalaba esa butun Oʻzbekistonniki! Unda jamiki oʻzbek onalarining, otalarining, aziz singillarning, ukajonlarning, tankchilarimizni intiq kutgan vafodor yangalarning haqqi bor.

Yigitlarimiz hozirda zamon talablariga toʻla javob beradigan Markaziy harbiy okrugga qarashli “Forish” togʻ dala-oʻquv maydonida “ArMI – 2020” musobaqasining “Tank biatloni” bahslarida ishtirok etish uchun jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda. Bu yilgi musobaqa vakillarimiz uchun oʻtgan yilgidan-da jiddiy boʻlishi turgan gap. Chunki joriy yilda jamoamiz birinchi divizionda ishtirok etadi.

Belgilangan vaqt ichida toʻsiqlardan talafotsiz oʻtish, nishonlarni yoʻq qilish, tankni mohirlik bilan boshqarish va birinchi boʻlish koʻnikmasi murabbiylar shtabi tomonidan jamoamiz vakillariga chuqur singdirilmoqda.

Jamoa oʻtgan vaqt ichida har jihatdan ulgʻaydi. Tarkibni, ular olib borayotgan tayyorgarligu harakatlarini kuzatsangiz, mahorat va matonat eni va boʻyiga oʻsganini sezasiz. Tanish chehralar esa koʻzingizdagi haroratni oshiradi. Mana bu kishi podpolkovnik Davletov, bu kishi mayor Mahammadiyev, ana mayor Hoshimov va mayor Yoʻldoshev, hazilkash serjant Turdialiyev doimgidek samimiy tabassumi bilan…

Barchamiz bu tarkibni joriy yilgi musobaqaning shohsupasida koʻrishni istaymiz.

Olgʻa, Oʻzbekiston!

Islomjon QOʻCHQOROV,

“Vatanparvar” gazetasi muxbiri