BMT Bosh assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb eʼlon qilingan va ushbu sana 2019-yildan buyon mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda.

Ushbu sana respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohangdir.

Shuni hisobga olgan holda, 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuniga bagʻishlab Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan Suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi hamkorlikda joriy yilning iyun oyida “Tomorqa maydonlaridagi ekinlarni sugʻorishda suvdan samarali foydalanish” mavzusida tanlov eʼlon qilgan edi. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan tanlovda mamlakatimizning turli hududlaridan 100 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi.

Ular tomorqada suvni tejash, sugʻorishning tejamkor va innovatsion usullaridan foydalanish boʻyicha oʻz takliflarini, amalga oshirgan ishlarini foto yoki video shaklda tanlov hayʼatiga joʻnatdi.

Hakamlar barcha ishlarni adolatli koʻrib chiqib, turli nominatsiyalar boʻyicha 30 nafardan ziyod gʻolib va sovrindorlarni aniqladi.

- Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilib, koʻp joylarda boʻlganman. Oʻzbek qishloq ayollarining turmushi, mehnat sharoitlarini kuzatganman, - deydi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi vakili Gyobel-Byosh Raxel xonim. - Ularning mamlakat qishloq va suv xoʻjaligida sohasidagi mehnatlari tahsinga sazovor. Ayniqsa, qishloq joylarda ayollarning uy xoʻjaligida suvni tejaydigan usullardan foydalanishayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Umid qilamanki, aynan suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash boʻyicha islohotlarda bundan keyin ham xotin-qizlar faol ishtirok etadilar.

Tadbirda tanlov gʻoliblariga sovgʻalar topshirildi.