“Tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga toʻliq axborot berish shart” — Sherzod Asadov

    Mamlakatimizda 7 Aprel 2021 958

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

    Uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi darajasi tahlil qilindi.

    Keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi - davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan boʻlib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. Endilikda ularning faoliyatini yana-da takomillashtirish, oʻzlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini taʼminlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

    – Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolayapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga toʻliq axborot berish shart. Bu boʻyicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun Prezident matbuot xizmati doimo ochiq, - dedi Sherzod Asadov.

    Prezident matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqani yoʻlga qoʻyish mexanizmi kelishib olindi.

    Ochiq muloqotda matbuot kotiblari oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi. Sherzod Asadov ularning savollariga javob berdi.