Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi.

Kongressmen 2021-yil oktyabr oyida Toshkentga tashrifi doirasida AQSH Kongressi delegatsiyasi aʼzolari uchun uyushtirilgan samimiy qabul va Oʻzbekiston rasmiy doiralari bilan mazmunli uchrashuvlar uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

A.Bera Oʻzbekiston-Amerika hamkorligi istiqbollari haqida gapirar ekan, Qoʻshma Shtatlar iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni izlayotganini, shuningdek, Oʻzbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlashda koʻp qirrali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini aytib oʻtdi.

Oʻz navbatida, kongressmen Oʻzbekistonda gender tenglik va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi saʼy-harakatlarni alohida olqishladi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston-Amerika kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan parlamentlararo aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.