Tanzila Narbayeva Britaniyaning xotin-qizlar ishlari boʻyicha vaziri bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Yanvar 2024 1182

    Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan oʻtkazilayotgan “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Buyuk Britaniyaning London shahrida boʻlib turibdi.

    Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi aloqalarda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuv uchun salmoqli salohiyat mavjud.

    Shu nuqtai nazardan tashrifning birinchi kuni Senat Raisi qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Britaniyaning xotin-qizlar ishlari boʻyicha vaziri Mariya Kolfild bilan boʻlib oʻtgan muloqotda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish borasida ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.

    Xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashish, iqlim oʻzgarishining ayollar va qizlarning hayoti sifatiga taʼsirini kamaytirish yoʻnalishlariga eʼtibor qaratildi.

    Ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda “STEM” dasturi orqali qizlar uchun sifatli, arzon taʼlim berish borasida oʻzaro tajriba almashish yuzasidan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi.

    М.Колфилд Yangi Oʻzbekistonning xotin-qizlarning mamlakat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirish borasidagi saʼy-harakatlari strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. U soʻnggi yillarda ayollarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish va gender tenglikni taʼminlash borasida erishilgan natijalarni yuqori baholadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.