Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Respublikasi parlamentining maxsus majlisida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 17 May 2023 917

    Joriy yil 16-mayda Boku shahrida Ozarbayjon umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100-yillik yubileyiga bagʻishlangan Ozarbayjon Respublikasi parlamenti — Milliy Mejlisining maxsus majlisi oʻtkazildi.

    Maxsus majlisga 26 ta davlatning parlamentlari rahbarlari va aʼzolari, 4 ta xalqaro parlament tashkiloti vakillari taklif etildi. Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

    Dastlab parlament delegatsiyalari Faxr xiyobonida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Xaydar Aliyev qabriga gul qoʻyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

    Maxsus majlisda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida Ozarbayjonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, millat birdamligi shakllanishi va milliy tafakkur tubdan oʻzgarishi Xaydar Aliyev nomi bilan bogʻliq ekani, aynan Haydar Aliyevdek millat yetakchisi bilan Ozarbayjon qisqa vaqt ichida taraqqiy va mustaqil davlat sifatida xalqaro maydonda katta obroʻ-eʼtibor qozonganini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.