Uchrashuvda har ikki davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berayotgani taʼkidlandi. O‘tgan yillarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston-Koreya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi.

Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning jadalligi izchil o‘sib bormoqda. Bu ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi.

Tomonlar so‘nggi vaqtda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi parlamentlararo muloqot ham faollashganini taʼkidladilar. Hamkorlik yillarida tomonlar parlament faoliyati tajribasini o‘rganish, shu jumladan turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida qatnashish doirasida muntazam ravishda o‘zaro delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirdi.

2019 yilda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi. Tashrif davomida parlament delegatsiyasi Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In, Milliy Assambleya Spikeri Mun Xi Sang, Yashil o‘sish global instituti rahbari Pan Gi Mun, Seul va Inchxon shahar merlari (hokimlari), shuningdek, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.  

Uchrashuv davomida parlament yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva O‘zbekiston va Koreya parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanib borayotganini taʼkidladi. 2005 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Senat Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev uning rahbaridir.

Tomonlar parlamentlararo guruhning samarali faoliyati natijalarini ijobiy baholadilar. Hozirgi vaqtda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlararo guruhning rolini oshirish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar, xalqaro parlament tuzilmalari va tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, deputatlar o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik o‘rnatish, huquqiy bazani faol shakllantirish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash va boshqa masalalar muhokama etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston-Koreya parlamentlararo muloqotni tizimli davom ettirish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni huquqiy taʼminlash, ikki tomonlama shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilish masalalarini tezlashtirish sohasida tajriba almashish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishning muhimligi taʼkidlandi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati