Tanzila Narbayeva Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti bilan muzokara oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 12 Mart 2024 372

    Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida boʻlib turibdi.

    Tashrif doirasida Т.Нарбаева Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amerd bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston va Shveysariya hamkorligini izchil kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Ayni paytda Shveysariya bilan avtomobilsozlik, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, infratuzilma sohalarida 19 ta qoʻshma loyiha amalga oshirib kelinyapti. Uchrashuv davomida mazkur koʻrsatkichni bir necha barobar oshirish uchun ikkala davlatda ham katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

    Oʻzaro munosabatlarda parlamentlararo aloqalarning muhimligidan kelib chiqib, mazkur yoʻnalishdagi hamkorlik istiqbollari ham koʻrib chiqildi. Xususan, ixtisoslashtirilgan qoʻmitalar darajasida aloqalarni faollashtirish, ikki davlat parlamentlarida doʻstlik guruhlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

    Shuningdek, uchrashuv davomida qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy takliflar ham ilgari surildi. Xususan, gender tenglik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, mazkur yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish muhimligi qayd etildi.

    Orol dengizi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilash yuzasidan ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik hamkorlikni kengaytirish masalalari ham tomonlarning diqqat markazida boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.