Tanzila Norboyeva O‘zbekiston hamda PI o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Oktabr 2020 439

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva shu kunlarda amaliy tashrif bilan Jeneva shahrida bo‘lib turibdi.

    Tashrif doirasida parlament yuqori palatasi rahbari Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi M.Chungong, Hindiston elchisi, BMTning Jenevadagi bo‘linmasi huzuridagi va Shveysariyadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili I.Pandey bilan uchrashdi.

    Bosh kotib O‘zbekiston Respublikasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani bilan samimiy muborakbod etdi va o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston hamda PI o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratilganligini taʼkidladi.

    – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatda qisqa vaqt ichida demokratik-huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida tub o‘zgarishlarga erishildi. Keyingi 4 yilda parlamentarizm, gender tenglikni takomillashtirish va yoshlar siyosatini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston orttirgan tajribani muvaffaqiyatli namuna sifatida boshqa mamlakalarda ham tatbiq etish zarur.

    M.Chungong O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT BAning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusini alohida qayd etdi.

    Bosh kotib O‘zbekiston delegatsiyasining PI tadbirlarida muntazam ishtirok etishini va joriy yilning iyun oyida BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi Ixtiyoriy milliy sharhni taqdim etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishini alohida taʼkidlab o‘tdi.

    Bundan tashqari, u O‘zbekistonning gender tenglikni taʼminlash sohasida erishgan yutuqlarini, parlament yuqori palatasi rahbari T.Norboyevaning shaxsiy fazilatlarini, shuningdek O‘zbekiston tomonining qiziqishini inobatga olgan holda Parlamentlararo ittifoq 2021 yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari vakillari ishtirokida mintaqaviy tadbir, 2022-yilda esa Parlament ayol-spikerlarining global sammitini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

    Shu kunning o‘zida parlament yuqori palatasi rahbari T.Norboyeva Hindiston elchisi I.Pandey bilan uchrashdi. Elchi O‘zbekiston Respublikasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani bilan tabrikladi.

    Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik do‘stona va yaqin munosabatlar asosida jadal rivojlanmoqda. Bundan tashqari, keyingi yillarda yuqori saviyadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik yangi darajaga ko‘tarildi.

    Hindiston O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor, – dedi elchi. Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligi doirasida turli sohalarda erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.