Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi.

    Oʻzaro muloqotda Oʻzbekiston va Parlamentlararo ittifoq oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, hamkorlikda oʻtkaziladigan tadbirlarning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

    Qisqa muddat ichida Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning ajralmas qismiga aylangani qayd etildi. Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bunga yorqin misol boʻla olishi alohida taʼkidlandi.

    Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kelgusi yili Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.

    Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor parlament yoʻnalishidagi bunday keng koʻlamli tadbirning oʻtkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekistonning jahon siyosati markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilayotganini tasdiqlaydi.
    Uchrashuvda mamlakatimizda 150-assambleyani oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    – Oʻzbekiston ushbu assambleyaga mezbonlik qilayotganidan mamnunmiz, chunki aynan sizning mamlakatingiz bunday sharafga munosibdir, - dedi T.Ekson. – Men Toshkentda oʻtkaziladigan yubiley tadbirni Parlamentlararo ittifoq va butun jahon parlamentarizmi tarixidagi unutilmas voqeaga aylantirish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman.

    2025-yilda Toshkentda oʻtkaziladigan tadbir yakunlariga koʻra, jahon parlament harakatining oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradigan tegishli hujjatni qabul qilish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.