Ahmad Farg'oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi”ga start berildi.

Respublikada birinchi marotaba o'tkazilayotgan bunday keng ko'lamdagi haftalik Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 781-son qarori asosida tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida so'zga chiqqan viloyat hokimining o'rinbosari Fayzullo Qosimov, “Kitobxonlik haftaligi”ning ahamiyati haqida to'xtalib, ma'naviy yuksalishga qo'yilayotgan dadil qadamlardan biri ekanligini ta'kidladi. 

Yoshlarda kitob o'qish ko'nikmasi shakllansa, kamoloti yo'lida qolgan barcha amallarni kitobning o'zi o'rgatadi. Farg'onalik 8-sinf o'quvchisi Muhammadfozil Ismoilovning “Yosh kitobxon” tanlovida g'olib bo'lishi – bu viloyatimizda ham kitobxonlikka qaratilayotgan yuksak e'tiborning samarasidir.

“Farg'ona tajribasi” sifatida viloyatning har bir mahallasida elektron kutubxona hamda “Ziyo” kitob maskanlari barpo etilayotganligi ham hududlarda kitobxonlik muhiti shakllanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 “Kitobxonlik haftaligi” davomida yoshlarda kitobga bo'lgan qiziqishni uyg'otishga qaratilgan mashg'ulotlar o'tkaziladi. Vodiy viloyatlari yoshlari o'rtasida kitobxonlik tanlovi, kutubxonachilar uchun mahorat saboqlari, noshirlik salohiyati namoyishi va boshqa turli sohaviy tadbirlar, ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Yana bir muhim jihat, viloyatdagi har bir korxona va tashkilotlar rahbarlari haftalik doirasida o'zlari o'qigan maktabga kitob sovg'a qilish aksiyasi ham o'tkaziladi.

10 aprelga qadar davom etadigan haftalik doirasida kitoblar taqdimotlari, adabiy muloqot va uchrashuvlar, davra suhbatlari, ma'rifiy tadbirlar va boshqa ko'plab qiziqarli loyihalar o'tkazilishi rejalashtirilgan.