Jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihasiga muvofiq, favqulodda vaziyatlar, fuqaro muhofazasi va yongʻin xavfsizligi sohasidagi meʼyorlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Hujjat bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilgan.

Xususan, suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, choʻmilish uchun ruxsat etilmagan hududlarda suvga tushish holatlari uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda. Bu qoidalar plyajlarni jihozlash, ommaviy dam olish joylarida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda aholining sogʻligʻini muhofaza qilish talablarini qamrab oladi.

Taklif etilayotgan normalarga koʻra, belgilangan talablarni buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa uch baravari miqdorida jarima solish koʻzda tutilmoqda.

Agar ushbu qoidabuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, fuqarolar uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravariga, mansabdor shaxslar uchun esa besh baravariga oshirilishi taklif qilinmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur oʻzgartirishlar suv havzalarida inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek favqulodda hodisalar xavfini kamaytirishga qaratilgan.