Mazkur qaror bilan tasdiqlangan qoidalar taqsimlash elektr tarmoqlaridan oqilona va shaffof foydalanish orqali barcha ishtirokchilarga teng shart-sharoitlar yaratish, taqsimlash tizimini xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiya qilish va uni rivojlantirish, yakuniy isteʼmolchilar elektr taʼminotining ishonchliligi va barqarorligini taʼminlash, uzilishlarni oldini olish hamda elektr energiyasi sifatini taʼminlash, isteʼmolchilarning talabiga javob beradigan elektr energiyasini yetkazib berishdagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qoidalar tarmoqqa ulanishga nisbatan qoʻllaniladigan qoidalar, tizimni tartiblashtirish boʻyicha zarur shartlar va tartib-taomillarni, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tizimiga integratsiya qilish bilan bogʻliq munosabatlarni hamda favqulodda vaziyatlarda tizim ishonchliligini taʼminlash mezonlarini belgilaydi.
Shuningdek, tizimda aqlli tarmoqlar va zamonaviy infratuzilmani yaratish uchun yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish yuzasidan umumiy talablarni oʻrnatadi.
Mazkur qaror loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.