“Taragʻay” turizm qishlogʻida nimalar oʻzgaradi?

    Xabaringiz bor, Chiroqchi tumanidagi “Taragʻay” qishlogʻi – turizm qishlogʻi maqomini olgan. “Obod qishloq” davlat dasturi, shuningdek, viloyat hokimining 2022-yildan boshlab har yili aprelʻ oyining birinchi oʻn kunligida qishloqda “Taragʻay bahori” anʻanaviy festivalini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, shu kunlarda hududda qurilish va obodonlashtirish ishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    Hozirda loyiha ishlari boshlangan boʻlib, unga koʻra bir yil davomida oʻziga xos tarixiy va soʻlim maskan Taragʻayda sayyohlar uchun qator qulayliklar yaratiladi. Jumladan, qishloqda zamonaviy stella, selfi zona, sanitariya gigiyena shahobchalari, ekologik chiqindi qutilari oʻrnatiladi. Turizm qishlogʻiga olib boruvchi 15 kilometr yoʻl taʼmirlanib, elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv hamda aloqa va axborotlashtirish tizimlari yaxshilanadi. Yangi axborot markazi tashkil qilinadi. Mehmon uylari yaratiladi.

    — Shu yilning 20-iyun kuni Taragʻay qishlogʻida boʻlib, masʼul mutasaddilar bilan bir yil davomida amalga oshirilishi zarur boʻlgan barcha ishlarning rejasini tuzib oldik, - deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Akbar Eshonqulov. — Yaqin kunlarda loyihalar yakunlanib, qurilish va obodonlashtirish ishlariga kirishiladi. “Taragʻay” turizm qishlogʻidagi oʻzgarishlar avvalo, hudud aholisini turmush tarzini yaxshilash va albatta tarixiy obidalarga, oʻziga xos qadriyatlarga boy boʻlgan hududga sayyohlar oqimini yana-da oshirish maqsadlarini qamrab olgan.

    — 2022-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi oʻn kunligida “Taragʻay bahori” festivalini anʼanaviy oʻtkazilishi viloyatimiz turizm va madaniy hayotida juda katta voqea boʻladi, albatta, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Azamat Avazov. — Hozirda festivalni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh shakllantirilib, festival dasturlari tayyorlanmoqda. Festivalga nafaqat viloyatimiz, balki, butun respublikamizdan, shuningdek, xorijlik mehmonlarning ham kelishi kutilmoqda. Tadbirga tayyorgarlik koʻrish ishlari hozirdanoq boshlangan.