Xususan, Prezidentimizning 2025 yil 25 iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijro intizomini tashkil etishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini qoʻllashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur farmon bilan qonunlar, Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning taʼsirchan tizimini yaratish, hududlardagi islohotlar natijadorligini baholash, davlat organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish hamda ijro jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

Shundan kelib chiqqan holda, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida ijro intizomini mustahkamlash, davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli hamda toʻliq bajarilishini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Jamiyat faoliyatida Prezidentimizning 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021 yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori talablari asosida ijro intizomini tashkil etishning samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu jarayon doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Bugungi kunda jamiyatda ijro intizomini taʼminlash raqamli boshqaruv tizimlari orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, “ijro.gov.uz”, “km.ijro.uz” va “edo.ijro.uz” elektron platformalari orqali hujjatlar ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borilmoqda. Jamiyatda ijro intizomini taʼminlash bevosita masʼul rahbarlarning doimiy nazoratida boʻlib, har bir topshiriqning ijro holati kunlik, haftalik va oylik kesimlarda tahlil qilinadi. Bu jarayonda tarkibiy tuzilmalar faoliyati muvofiqlashtirilib, belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi taʼminlanmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining farmon, qaror va topshiriqlari ijrosini taʼminlashda tizimli yondashuv shakllantirilgan. Jamiyat ijro apparatining tarkibiy departament, boshqarma va boʻlinmalari hamda tizim korxonalari ishtirokida Prezident va Prezident Administratsiyasi hujjatlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari va yigʻilish bayonlarida belgilangan vazifalarning ijrosi muntazam nazorat qilib borilmoqda.

Tahlillarga koʻra, 2017-2026 yillar davomida “Oʻzbekgidroenergo” AJga ijro uchun jami 175 ta hujjat kelib tushgan boʻlib, ularda jamiyat masʼulligida amalga oshirilishi lozim boʻlgan 947 ta topshiriq belgilangan. Ularning 621 tasi qaror, 124 tasi farmon, 14 tasi farmoyish hamda 188 tasi yigʻilish bayonlarida nazarda tutilgan vazifalardan iborat.

2026 yil 1 iyun holatida mazkur topshiriqlarning 689 tasi toʻliq bajarilib, ijrosi taʼminlangan. Bajarilgan vazifalar tarkibida 421 ta qaror, 88 ta farmon, 12 ta farmoyish va 168 ta yigʻilish bayoni topshiriqlari mavjud. Bu esa AJ tomonidan davlat rahbari hujjatlarida belgilangan vazifalarning qariyb 73 foizi toʻliq ijro etilganini koʻrsatadi.

Ayni vaqtda 254 ta topshiriq belgilangan muddatlar doirasida bajarilish jarayonida boʻlib, ularning har biri boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Muhimi, mazkur topshiriqlarning barchasi belgilangan grafiklar asosida bajarilmoqda.

Joriy yil yanvar-may oylarida davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan beshta alohida “yoʻl xaritasi” va kunbay kesimdagi beshta “kalendar grafik” ishlab chiqildi. Mazkur hujjatlar Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlanib, ularda nazarda tutilgan barcha vazifalar ijrosi toʻliq taʼminlandi. Natijada “ijro.gov.uz” hamda “km.ijro.uz” tizimlarida jamiyat masʼulligida boʻlgan birorta ham bajarilmagan topshiriq mavjud emas. Bu koʻrsatkich “Oʻzbekgid­roenergo” AJda ijro intizomini tashkil etish va nazorat qilish ishlari yuqori darajada yoʻlga qoʻyilganini, masʼul xodimlar va rahbarlar tomonidan topshiriqlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilayotganini yaqqol namoyon etadi.

2026 yilning besh oyida “ijro.gov.uz” tizimi orqali jamiyat ijrosiga jami 131 ta topshiriq kelib tushdi. Shundan 92 tasi Prezident, 19 tasi Prezident Administratsiyasi, 20 tasi Vazirlar Mahkamasi hujjatlari hamda 58 tasi hukumat komissiyalari bayonlarida belgilangan vazifalardan iborat boʻldi. Ularning har biri boʻyicha masʼul ijrochilar belgilanib, bajarilishi taʼminlandi va belgilangan tartibda nazoratdan chiqarildi.

Jamiyatda hujjatlar aylanmasi va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “edo.ijro.uz” elektron platformasi orqali
2026 yil yanvar-may oylarida jami 9532 ta hujjat aylanmasi qayd etildi. Shundan 5226 tasi kelib tushgan, 4306 tasi esa ishlab chiqilgan hujjatlarni tashkil etdi. Kelib tushgan hujjatlar tarkibida Prezident Administratsiyasidan 33 ta, Vazirlar Mahkamasidan 98 ta, vazirlik va idoralardan 840 ta, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlardan 253 ta, tizim korxonalaridan 2649 ta, boshqa tashkilotlar va xorijiy hamkorlardan 849 ta, jismoniy va yuridik shaxslardan 81 ta murojaat qabul qilindi. Shuningdek, davlat sirlarini muhofaza qilish talablariga muvofiq maxsus tartibda koʻrib chiqiladigan hujjatlar bilan ishlash ham qatʼiy nazorat asosida tashkil etildi.

Ishlab chiqilgan hujjatlar tarkibida kengash qarorlari, ishlab chiqarish va kadrlarga oid buyruqlar, yigʻilish bayonlari, chora-tadbirlar rejalari, chiqish xatlari, faksogrammalar hamda ichki xizmat yozishmalari muhim oʻrin egalladi. Bu esa jamiyatda boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ularning ijrosini taʼminlash jarayonlari raqamli muhitga toʻliq integratsiya qilinganini koʻrsatadi.

Bugungi kunda jamiyatning ichki boshqaruv tizimida qabul qilinayotgan barcha hujjatlar ijrosi ham elektron platforma orqali monitoring qilib borilmoqda. Jumladan, 29 ta yigʻilish bayoni boʻyicha belgilangan 1844 ta topshiriqning ijrosi har kuni tahlil qilinib, masʼul ijrochilar faoliyati muvofiqlashtirilmoqda. Apparat yigʻilishlari, texnik yigʻilishlar, buyruqlar, boshqaruv qarorlari hamda maxsus topshiriqlar bilan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tizimli monitoring yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, har bir topshiriqning bajarilish holati muntazam tahlil qilinmoqda. Bunda ijro muddatlariga qatʼiy rioya etish, vazifalarning sifatli va natijador bajarilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekgidroenergo” AJ kelgusida ham ijro intizomini yanada kuchaytirish, raqamli nazorat vositalarini kengaytirish, masʼul xodimlar malakasini oshirish va davlat rahbari topshiriqlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiradi. Zero, ijro intizomi har qanday islohotning amaliy natijasini taʼminlaydigan, davlat va jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan eng muhim omillardan biridir.

Shodmon RASULOV,

“Oʻzbekgidroenergo” AJ

nazorat boʻlimi bosh mutaxassisi