Unda Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Tashqi ishlar vazirliklari, Oʻzbekistonning Hindistondagi, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, har ikki davlatning “Aql markazlari” vakillari hamda taniqli ekspert-mutaxassislari ishtirok etishdi.
Forumni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyev ochib, har ikki xalqni koʻp asrlik madaniy, savdo-iqtisodiy aloqalar bogʻlab turishini, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgani, shu asosda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalari yana-da kengayib borayotganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi kotibi, elchi Vikas Svarup asosiy mintaqaviy va global masalalarni hal etishga ikki mamlakatning yondashuvlari oʻxshashligi, Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlari ikki tomonlama yuksak darajadagi hamkorlik bilan ajralib turishi va oʻzaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish va kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi, bu kabi tadbirlar oʻzaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini kengaytirishda alohida oʻrin tutishini qayd etdi.
Forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Hakimov soʻz olib, Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida soʻnggi toʻrt yil ichida amalga oshirilgan islohotlar, turli sohalarda erishilgan natijalarga toʻxtalib, uning asosida har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlari Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, boshqa davlatlar, jumladan, Hindiston bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini eʼtirof etdi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Hindistondagi “Aql markazlari” oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari haqida ham fikr almashilib, bu boradagi ishlarni yana faollashtirish, tajriba almashish va tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.