Joriy yilning 21-22 fevral kunlari Istanbul shahrida Turkiyaning “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi tomonidan 27-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti tashkil etildi. Sammitda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiy sohada belgilangan ustuvor maqsad va vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi.
Jumladan, ma’ruzada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” – ustuvor yo‘nalishida kelgusi yetti yilda milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish, makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan ta’minlash, mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish kabi qator strategik maqsadlar belgilanganligi ta’kidlandi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadigan Yevroosiyo iqtisodiy sammitida 40 dan ortiq mamlakatlardan 300 ga yaqin siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar, akademik doira va tahlil markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Sammit doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi va tadbirda ishtirok etayotgan xalqaro darajadagi tashkilotlar hamda dunyoning yetakchi «aql markazlari» o‘rtasida amaliy natijalarga boy bo‘lgan bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, kelgusida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.