Jahonning Top 1000 talik universitetlari roʻyxatiga kiruvchi mazkur oliy oʻquv dargohi 2001-yilda Istanbul savdo palatasi koʻmagida tashkil etilgan. Muassasa ayni vaqtda olti yoʻnalish boʻyicha bakalavr (tijorat fanlari, muhandislik, arxitektura va dizayn, huquqshunoslik, aloqa, ijtimoiy fanlar fakultetlari) hamda besh yoʻnalish boʻyicha magistr (shuningdek, toʻrtta yoʻnalish boʻyicha fan nomzodi) darajasini beradi. Hozirgi kunda universitetda 6000 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Istanbul tijorat universiteti bilan Oʻzbekiston Milliy universiteti, Buxoro davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, OʻzMU professor-oʻqituvchilari Turkiya universitetlarida oʻzbek tili va adabiyoti, matematika va boshqa fanlardan saboq bersalar, oʻz navbatida, turkiyalik olimlar oʻzbekistonlik talabalarga zamonaviy fanlardan dars oʻtadilar. Hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va boshqa anjumanlar oʻtkazib kelinadi. Ikki davlat ilmiy jurnallarida maqolalar yoritiladi.
Mehmonlarni turk zaminida qutlagan Istanbul tijorat universiteti rektori Yujel Oʻgʻurlu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborni jahon hamjamiyati ham haqli ravishda eʼtirof etayotganini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, Yujel Oʻgʻurlu Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlik keyingi vaqtlarda jadal rivojlanayotgani, mazkur jarayonga hissa qoʻshish maqsadida Istanbul tijorat universiteti talabalarining ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarini oʻrganish va tadqiq etishlarini ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha grantlar tanlovlarini eʼlon qilish taklifini bildirdi.
Oʻz navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov turkiyalik ziyolilarni Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi va uning doirasida har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlarining ijrosi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar samarasi bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, kelgusida qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazish va ilmiy maqolalarni chop etib borish masalalarida muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish, pirovardida, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish uchrashuv ishtirokchilarining diqqat markazida boʻldi.
Bunday amaliy hamkorlik qator ilmiy, istiqbolli loyihalar, innovatsion gʻoyalarni amalga oshirishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Istanbul tijorat universiteti rektori Yujel Oʻgʻurlu va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻzaro hamkorlik boʻyicha Anglashuv Memorandumini imzolashdi.
Anglashuv Memorandumining ilk amaliy natijasi oʻlaroq, tomonlar Istanbul tijorat universiteti talabalari uchun “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbarining Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlarga oid maxsus maʼruzasini joriy yil sentyabr oyida tashkil etishga kelishib olishdi.
Shuningdek, universitet tashabbusi bilan Turkiya va Markaziy Osiyo mintaqasidagi “aql markazlari” ekspertlari, siyosiy doiralari uchun Oʻzbekistondagi islohotlar va ularning monitoringi natijalariga oid maʼruza va taqdimotlar oʻtkazib borishni tashkillashtirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish haqida ahdlashildi, deya xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi.