«Taraqqiyot strategiyasi» markazida BMT maxsus ma'ruzachisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

    2021 yil 29 noyabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida O'zbekistonda amaliy tashrif bilan bo'lib turgan BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

    Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Mudofaa vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman), Bosh prokuratura mas'ullari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolari, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud vakillari hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari ishtirok etishdi.

    Dastlab, Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov mehmonlarga «Taraqqiyot strategiyasi» markazining asosiy faoliyat va yo'nalishlari haqida ma'lumot berib o'tdi. Xususan, markaz davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro «aql markazlari» va fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlik aloqalarini o'rnatganligi, bu hamkorlik doirasida turli dolzarb mavzular yuzasidan davra suhbatlari o'tkazib kelinayotgani alohida qayd etib o'tildi.

    O'z navbatida, BMT maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn xonim O'zbekiston terrorizmga qarshi kurashish va inson huquqlari himoyasi borasida nafaqat mamlakat hududida, balki mintaqada, xususan Afg'onistonda tinchlikka erishish va insonparvarlik yordamini ko'rsatish borasida 2001 yildan buyon o'tgan 20 yil davomida bir qator tashabbuslarni ilgari surib kelganini alohida e'tirof etdi.

    Shuningdek, O'zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, boshqa davlatlarda og'ir ahvolda qolgan aholiga yordam ko'rsatish, jumladan Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan odamlarni, ayniqsa ayollar va bolalarni vatanga qaytarish borasidagi sa'y-harakatlarni yuqori baholadi.

    Tadbir yakunida terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish borasida O'zbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlar izchillik bilan davom ettirilayotganligi xalqaro maydonda yuksak e'tirofga sazovor bo'layotgani ta'kidlab o'tildi.

    «Taraqqiyot strategiyasi» markazi

    Axborot xizmati