“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Malayziya parlamenti delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Malayziya Parlamenti Senati raisining oʻrinbosari Nur Jazlan Mohamad boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda malayziyalik mehmonlar “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tashkil topishi, asosiy vazifalari hamda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirildi.

    Muloqot davomida Malayziya Parlamenti Senati raisining oʻrinbosari Nur Jazlan Mohamad soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ochiqlik, xorijiy davlatlar bilan doimiy muloqot va dolzarb masalalarga muvozanatli yondashuv mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsining oshishiga, shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yuqori darajaga chiqishiga xizmat qilayotganligiga eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, janob Nur Jazlan Mohamad mintaqaviy hamkorlik va integratsiya boʻyicha Malayziya tajribasi, xususan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (AСEAN) tajribasini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Malayziyaning yetakchi tahlil markazlari tomonidan tadqiq qilish taklifini bildirdi. Qolaversa, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va “Malayziya Madani” milliy strategik hujjatlarining maqsad-vazifalari, ularning oʻxshash tomonlarini birgalikda oʻrganish mumkinligini taʼkidladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Malayziyaning yetakchi tahlil markazlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olishdi.