Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Gastronomik koʻcha boʻylab 6 ta foto-zona barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar oʻrnatilgan, 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta oʻrindiq va axlat qutilari oʻrnatilgan hamda wi-fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.
Hududni obodonlashtirish ishlarini dastavval sentyabr oyida yakunlash rejalashtirilgan edi.
Obodonlashtirish ishlari davomida yoʻlning asfalt qoplamasini tabiiy granit toshga almashtirish qarori qabul qilingani tufayli loyihaning birinchi bosqichini yakunlash muddati oktyabr oyining boshiga koʻchirildi.
Ayni paytda hududda koʻkalamzorlashtirish, yaʼni yashil zonalarni barpo etish boʻyicha ishlar jadal davom etmoqda – alleya boʻylab 30 tupga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari ekilmoqda.
Shu munosabat bilan Taras Shevchenko koʻchasidagi gastronomik alleyani barpo etish boʻyicha birinchi bosqich ishlari 10-oktyabr sanasida yakunlanishini va shu sanadan ikkinchi bosqich ishlariga start beriladi.
Eslatib oʻtamiz, bu yerda joylashgan tadbirkorlik subyektlari 24 soatlik ish rejimiga faoliyat yuritadi va yoʻlning oʻzi kechki soat 20:00 dan tonggi 06:00 gacha avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar hududiga aylanadi, — deyiladi xabarda.